AVTOMATLASHTIRISH BOSQICHLARI

 

            Avtomatlashtirishning birinchi bosqichi deganda uskuna ishchi tsiklini boshqarishni avtomatik harakatdagi mexanizmini bunyod etish tushuniladi. Ikkinchi bosqich vazifasiga stanoklararo transportda tashish mexanizmlarini bunyod etish kiradi. Bunda mashina va boshqaruv sistemasining texnologik rejimi o'zgarishini koordinatsiya qilish kiradi. Kompleks avtomatlashtirish ya'ni, uchinchi bosqich deganida ishlab chiqarishni avtomatlashtirilgan boshqaruv sistemasi masalalari texnologik jarayonini boshqarish masalalari va ayrim agregat, stanoklar ishi bilan bog'lash uchun hisoblash texnikasini qo'llashni tushuniladi.

            Raqamli dasturli  boshqaruv sistemasining paydo  bo'lishi avtomatlashtirishning yanada rivojlanishiga olib keldi. Hozirgi vaqtda dasturli boshqaruvli mashina sistemasi ishlab chiqilgan bo'lib uning tarkibida hisoblash texnikasi ham mavjud. Bunday sistemalarni bunyod etilishi ayrim stanoklar ish rejimini eng maqbul tarzda boshqarish, transport oqimlarini, texnologik va ishlab chiqarish uskunalarining yuklanishi va ulardan foydalanishni eng maqbul rejalashtirish, mashina sistemasi ishchanligi haqidagi axborotni yig'ish va aks ettirish va sh.k. larni nazarda tutadi. Bunday sistemalar texnologik jarayonlarni avtomatlashtirilgan boshqaruv sistemasi (TJABS) deb nomlangan.

Turli xil texnologik vazifalarni bajaradigan avtomat va avtomatik liniyalar avtomatlashtirishning yagona asosiga ega. Mazmuni shundan iboratki, mexanizmlar va boshqaruv sistemasi printsip (tamoyil) lari umumiy ya'ni, unumdorlik, ishonchlilik, iqtisodiy samaradorlik o'zgarishlari, ishlov berish rejimlarini aniqlash va sh,k. larning umumiyligi.

            Mashina shu vaqt mukammal hisoblanadiki, bu holatda yuqori unumdorlik (bunda ishlov berish asosiy jarayonga, shakl hosil etishga, nazorat, yig'uv va sh.k. larga sarflangan vaqt unumdor vaqt hisoblanadi) va yuqori sifatga bo'sh vaqtlarsiz erishilinadi.

            Avtomat va avtomatik liniyalar unumdorligini tadqiq etish ishlab chiqarishning konkret sharoitida unumdorlik rezervini aniqlash imkonini beradi. Bundan tashqari bunday tadqiqotlar mavjud konstruktsiyalarni ekspluatatsiya qilish tajribasi asosida yangi  avtomat va avtomatik liniyalarni loyihalash uchun kerak bo'ladigan eng muhim parametrlarni aniqlashga sharoit yaratadi,

            Avtomat va avtomatik liniyalarning unumdorligi ishlov berish rejimlari, talab etilgan aniqlik, buyumning boshqa sifat ko'rsatkichlari, mexanizmlar ishonchliligi bilan belgilanadi.

            Eng muhim omillardan bo'lib hisoblanuvchi ishonchlilik bir tomondan ta'sir etuvchi qator faktorlar, ikkinchi tomondan texnologik jarayonlar va konstruktiv elementlarning ishchi parametrlari hamda tuzatuvchi ta'sirlarga bog'liq. Ishonchlilik ko'rsatkichlari miqdorini topish statistik baholash masalasi bo'lib, ancha murakkabdir. Bu masalani hal etish uchun ma'lum miqdordagi kuzatish va o'lchash ishlarini olib borish kerak. Matematik statistika usullari ishonchlilik ko'rsatkichlari miqdorini aniqlashda qo'l keladi.

            Avtomatlashtirishning mavjud vositalari ishlab chiqarish texnologik epchilligini to'liq ta'minlay olmayapti. IIIyning uchun hozirgi vaqtda avtomatlashtirishning printsipial yangi yo'llanmasi shakllangan. Ya'ni, universal raqamli boshqaruv sistemasi bunyod etilgan. Boshqaruv sistemasining ko'rinishini tanlash texnologik jarayon xususiyatlari, mashinalarni ekspluatatsiya qilish shart-sharoiti bilan shartlanadi. Biroq xohlagan boshqaruv sistemasi texnologik jarayon ko'rinishidan qat'iy nazar ishning yuqori ishonchliligi, ishlov berish jarayonini avtomatik rostlash, konstruktsiyalarning oddiyligi, xizmat qilishning qulayligi va arzonligi, ko'p sonli texnologik komandalarni bajarilishi kabi talablarga javob berishi kerak.

            Adaptiv boshqaruv sistemasi operator aralashuvisiz avtomatik tarzda mashina, agregat, stanoklarning eng qulay ish rejimini ta'minlab beradi.

            Hozircha adaptiv boshqaruv sistemalari ishlab chiqarish sharoitida talab etilgan darajadagi samara bilan ishlamayotir. Ishlov berish unumdorligi va buyum sifatini oshirishga oid tadqiqot ishlarini olib borish adaptiv boshqaruv sistemalari va ishlab chiqarishni kopmpleks avtomatlashtirish samaradorligini oshirish imkonlarini topishga yordam beradi. Bunday tadqiqotlarning muhimi imitatsion modellarni yaratishdir.