ROBOTLASHTIRILGAN KOMPLEKSLAR

 

Yaqin vaqtlargacha ishlab chiqarishni mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish darajasi ishlab chiqarilayotgan mahsulot seriyasi bilan aniqlanar, mayda seriyali ishlab chiqarishda, odatda individual moslama va asboblarni ishlatish iqtisod nuqtai nazaridan maqsadga muvofiq emas edi. Bunday ishlab chiqarish yuqori malakali qo'l mehnati va detalga ishlov berishning universal vositalaridan foydalanish bilan shartlangan bo'lib, buyumlarni tayyorlashda ko'p mehnat sarflanar edi.

Seriyali ishlab chiqarishda buyumni ishlab chiqarishga sarflanuvchi mehnat hajmini kamaytirishga asosiy e'tibor jalb etilgan. Shuning uchun ishlab chiqarishni mahsulotning konkret turiga mo'ljallab, texnologik jarayonning ayrim bosqichlarida mexanizatsiyalashning turli xil vosita va qurilmalarini qo'llashga imkon tug'ilgan. Bu erda maxsus moslama asbob-uskunalar qo'llanilgani uchun ishchilar malakasiga bo'lgan talab yuqori ham emas. Ommaviy ishlab chiqarishda mexanizatsiyalash va avtomatlashtirishning maxsus vositalari keng qo'llanilib texnologik jarayon elementar operatsiyalarga bo'linib, potok liniyalari joriy etilgan. Ishlab chiqarish texnik vositalar bilan jihozlanib avtomatlashtirish darajasi oshib borishi bilan yangi mahsulot ko'rinishiga o'tish jarayoni murakkablashib boradi.

Agar avvallari ommaviy ishlab chiqarishdagi mahsulot qismi doimiy o'sib borgan bo'lsa, hozir seriyali va mayda seriyali ishlab chiqarishdagi mahsulot qismi oshib bormoqda. Buning ustiga mahsulotni ko'p ishlab chiqarishga bo'lgan talab ommaviy ishlab chiqarishga xos bo'lgan, ya'ni ishlab chiqarishning yuqori o'sish darajasini talab etadi.

Seriyali ishlab chiqarishga qo'yilayotgan yangi talabni qoniqtirishning yagona yo'li ishlab chiqarishni yuqori unumdor uskunalar bilan jihozlashdir.

Korxonalarga raqamlar yordamida tuziluvchi dastur asosida boshqariluvchi stanoklarning kirib kelishi detallarni tayyorlash va o'lchash jarayonlarini avtomatlashtirish imkonini berdi.

Lekin detallarni yuklash va olish, kesish asboblarini almashtirish jarayonlari avtomatlashtirilmay qolaveradi. Umuman, hozirgi vaqtda sanoat korxonalaridagi asosiy texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish darajasi yordamchi va transport operatsiyalarini avtomatlashtirish darajasidan yuqoridir. Shuning uchun raqamlar yordamida tuzilgan dastur asosida boshqariluvchi perspektiv stanoklar juda ko'p ishchilar yordamida ishlatib kelinmoqda. Ishchilarning asosiy vazifasi zagotovkalarni yuklash, tushirish, kesish asboblarini almashtirish, qirindilarni yig'ishtirish va shu kabilar bo'lib qolmoqda.

Robotlarning qo'llanilishi seriyali va mayda ishlab chiqarishdagi yordamchi operatsiyalarni avtomatlashtirish imkonini tug'dirib uchastka, tsexlarni kompleks avtomatlashtirish masalasini hal etib beradi.

Xalq xo'jaligimizda shunday tarmoqlar borki, u erda harakat xavfsizligi ta'minlanishi qiyin bo'lganidan inson bevosita ishlay olmaydi. Ana shunday sharoitlarda texnik mexanizmlar, ya'ni robotlardan foydalanish zarurati tug'iladi.

Qaysi turdagi robot va manipulyatorlarni aynan berilgan texnologik jarayon uchun qo'llash maqsadga muvofiq bo'lishi hamda qo'llanilayotgan sharoitni nazarga olib qanday qo'shimcha moslamalar yaratish va unga mos ravishda boshqarish dasturlarini tuzish yuqori malakali ilmiy-texnik xodimlarni talab etadi.

Ayrim korxonalarda robotlarning qo'llanilishi aytarli katta samara bermayapti. Unda nima uchun robotlar qo'llanilayapti degan savol tug'ilishi mumkin. Robotlar odamlarni og'ir qo'l mehnatidan xalos etib muhim ijtimoiy muammoni hal etmoqda. Lekin robot faqat avtomatlashtirish vositasigina, xolos. Robotlarni faqat amallab u yoki bu uskunaga moslash emas, balki ularni robotsiz ishlash mumkin bo'lmagan joyda qo'llash kerak. Demak, ijtimoiy masala, ya'ni insonlarni og'ir qo'l mehnatidan ozod etish bilan birga, ishlab chiqarish samarasini oshirishni ham o'ylash kerak.

Tajribalar ko'rsatishicha, avtomatlashtirishning an'anaviy vositalari qo'llanganda iqtisodiy samaraning 60-70 foizi uskunalar unumdorligini oshirish evaziga, 15-20 foizi mahsulot sifatining yaxshilanishi evaziga, faqat 10-15 foizigina ish haqini iqtisod qilish evaziga erishilinadi. Demak, asosiy rezerv uskunalar bilan bog'liq ekan. Robotlarni qo'llashda umuman avtomatlashtirish tamoyillarini hisobga olish, ya'ni smenalarni oshirish masalasini hal etish kerak.

Robotlashtirishni rivojlantirish uchun kelgusida qator tadbirlarni amalga oshirish kerak bo'ladi:

birinchidan, oliy o'quv yurtlarida kafedralar tashkil etish;

ikkinchidan, maxsus robotlar yaratish, sinash va takomillashtirish bo'yicha tajriba-eksperimental tsexi qurish va ishga tushirish;

uchinchidan, tayyor robot va manipulyatorlarni kerakli uchastkalarga o'rnatib ishlata bilish kerak.

Sanoat robotlari asbob-uskunalar ishlash smenasini 2 baravar, mehnat unumdorligini 1,5-6 marta oshirish imkonini beradi.

Mamlakatimizda nisbatan oddiy va arzon robotlar qo'llanilmoqda. Keyingi yillarda mukammallashgan boshqarish sistemasi bilan jihozlangan murakkab strukturali va qimmatbaho sanoat robotlari ham ishlab chiqarilmoqda. Ushbu robotlar asosida robotlashtirilgan texnologik komplekslarni ishlash sharoitida uskunalarning ishlash koeffitsienti 1,3-1,5 marta ko'p bo'lib, smena davomida mahsulot ishlab chiqarish jarayoni mo''tadillashadi.

Sanoat robotlari asosan mashinasozlik sanoatida qo'llab kelinar edi. Hozirda bu robotlarning qo'llanish sohalari kengayib bormoqda. Jumladan, pochta xizmati soxasida ham.

Robotlarning kon sanoatida qo'llanilishi mehnat unumdorligini 2-3 marta oshirib, minglab ishchilar mehnatini engillashtirmoqda.

Manipulyator texnik jihozlardan tashkil topgan oddiy mexanizm bo'lib, yuklarni ko'tarish, surib qo'yish, siqish va shunga o'xshash ishlarni bajaradi. Robotlar esa manipulyatorlardan birmuncha murakkabroq bo'lib dastur asosida ishlaydi. Robotlar ish jarayonida bir necha operatsiyani bajarishi mumkin. Shuning bilan birga robotning ham imkoniyati cheklangan bo'ladi. Robot dasturida qanday ish bajarilishi kerak bo'lsa, faqat shu ishlarnigina bajara oladi.

Xalq xo'jaligida, sanoat korxonalarida robot va manipulyatorlarni qo'llash ishi ilmiy loyiha tashkilotlari oldida qator muammolarni hal etishni taqozo etadi.

Xalq xo'jaligida fan-texnika taraqqiyotini jadallashtirish masalasini hal etishda nozik avtomatlashtirilgan jarayonlar, avtomatik manipulyatorlar va robotli texnologik komplekslarni yuzaga keltirish muhim ahamiyatga ega. Ishlab chiqarishda bunday tizimlarning yuzaga kelishi aslida fan-texnika taraqqiyotida yangi bosqich boshlanganligini bildiradi.

Toshkent traktor zavodida 19 ta sanoat roboti, shu jumladan 8 ta balanslashtirilgan manipulyator, 2 ta «Skarobey» tipidagi transport roboti joriy     etildi. «T-28 XI» va «MTZ-80X» traktorlari uchun detallarni mexanik ishlovdan chiqaradigan uchastkaga 11 ta sanoat roboti bo'lgan to'rtta robototexnologik kompleks xizmat qiladi. Bu robotni uch va undan ham ko'proq tipdagi detallarni ishlovdan chiqarishga moslashtirish mumkin.

Tinimsiz ijodiy izlanish, yangilikka, ilg'or usullarga intilish-korxona muhandis-texnik xodimlariga xos bo'lgan fazilatdir.

Respublikamiz iqtisodiyoti ishlab chiqarish jarayonlarini kompleks mexanizatsiyalash asosida intensivlash murakkab va ko'p qirrali ishdir. U birinchi navbatda mashinasozlik tarmoqlarida fan-texnika jarayonini jadallashtirishga tayanadi, o'ziga doimiy e'tiborni, istiqbolni ko'ra bilishni talab etadi. Shuningdek, bu ishni rahbar, ilmiy muhandis-texnik xodimlar va ishchilarning zo'r tashabbuskorligi va g'ayratisiz hal etish qiyin.

Bular hammasi fan bilan ishlab chiqarishning integratsiyasi davr taqozosi, shu kunning chinakam  talabi bo'lib qolayotganligini isbotlaydi.  Ilhombaxsh mehnat bilan ijodiy ilmiy fikr ittifoqi ishlab chiqarish samaradorligini yanada yuksaltirishga, uning texnik darajasi o'sishiga, mehnat intizomi mustahkamlanib, ishlab chiqarish madaniyati yuksalishiga xizmat qiladi. Lekin ilmiy izlanish natijalarini ilmiy izchil va amaliy joriy etishga har ikki tomonda zo'r qiziqish bo'lgandagina olimlar va ishlab chiqaruvchilarning ittifoqi mustahkam bo'ladi.

Respublikamizda 300 dan ortiq robototexnika vositalari joriy etilgan shu jumladan 21 ta dasturli boshqariladigan avtomatik manipulyator, bikir dasturli 44 manipulyator, ortish-tushirish ishlarini boshqaradigan 16 manipulyator joriy etilgan.

Respublikaning bir qator vazirliklari-avtomobil transporti vazirligi, qishloq qurilishi vazirligi, montaj va maxsus qurilish vazirligi robototexnika vositalarini joriy etgan holda ishlab chiqarish jarayonlarini mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish darajasini oshirish bo'yicha faol ish olib borganlar. Ko'pgina vazirliklar o'zlarining tarmoq institutlari bilan birgalikda robotlashtirish lozim bo'lgan joylarni aniqlash va robot-manipulyatorlar yaratish bo'yicha izlanish ishlari olib borayapti.

Toshkent traktor zavodidagi robotlashtirilgan tsexda o'ndan ortiq robotlashtirilgan liniyalar o'rnatilgan bo'lib «Siklon-3», «R-505», «Universal-5» robotlari bazasida ishlagan. Ma'lumki, bu tipdagi robotlar val, korpus, mufta kabi detallarga ishlov berishda qo'llaniladi. Bu liniyalar ishlashi operatorlar nazoratida bo'ladi. Ma'lumki, ishchi ish davomida charchaydi va natijada detallarni stanokka qo'yish, stanokni moslash kabi operatsiyalarni noaniq bajarishi mumkin. Bu brak mahsulot ishlab chiqarishga, texnika xavfsizligini buzishga va umuman mehnat unumdorligini kamayib ketishiga olib keladi. Robotlashtirilgan liniyalar bunday kamchiliklardan xolidir. Kezi kelganda yana shuni aytib o'tish kerakki, bir liniyaning joriy etilishi asosiy ishchilar sonini kamaytirishga olib keladi, mehnat unumdorligini 1,5-2 marta oshiradi, uzluksiz ishlashni ta'minlaydi. Dastur asosida ishlaydigan bunday robotlashtirilgan komplekslar o'z vaqtida texnik vositalarni yurgizish va to'xtatish hisobiga, bir tomondan, elektr energiyasini tejab qolsa, ikkinchi tomondan, stanok va moslama qismlari eyilishini qisqartiradi. Bu esa, o'z navbatida, mashina, stanok va moslamalarning ishlash umrini uzaytiradi.

Toshkent traktor zavodining robotlashtirilgan tsexi bir necha robotlashtirilgan majmuadan iborat. Sexga o'z vatanimizda va boshqa mamlakatlarda ishlab chiqarilgan robotlar o'rnatilgan. Mana, shunday majmualardan biri. Bu majmua uch bosqichdan iborat. Birinchi navbatiga frezerlik MR-71 markali stanok va unga xizmat qiladigan robot o'rnatilgan. Robot dastur asosida ishlaydi. Mahsulot stanokka qo'yilgandan so'ng robotdan elektr toki uziladi. Ish bajarib bo'lingach, tok yana ulanadi. Bu, o'z navbatida, elektr tokini tejaydi.

Majmuaning ikkinchi navbatida 1-R713 markali tokarlik stanoklari operatsiyalarni bajaradi. Ikki stanok oralig'iga o'rnatilgan robot birinchi navbatdagi robotdan ko'proq ish bajaradi. Robotning ikkita qisqichi (panjasi) bor. Bir panjasi bilan stanokdan metallni oladi, ikkinchisi bilan qo'yadi va keyingi stanok tomon buriladi. Undan mahsulotni olib, o'rniga boshqasini qo'yadi. Tayyor mahsulotni kelgusi navbatga uzatadi. Robot juda murakkab harakatlarni amalga oshira oladi. Ma'lumki, bu ishlar bir kishi uchun og'irlik qiladi, bunday harakatlarni doimiy, tez, bexato bajarish qiyin.

Majmuaning uchinchi navbatiga shponli frezerlik stanoklari o'rnatiladi. Bu navbatda ham robot ikkita stanokka xizmat qiladi-traktorlar uchun tayyorlanadigan valning keyingi operatsiyalari bajariladi. Agar shu majmuadagi har bir stanokda bittadan odam ishlasa, bir smenada 5 kishi, ikki smenada 10 kishi ishlagan bo'lar edi. Hozir bir majmuada faqat bir operatorgina nazorat qilib turadi. Majmua robotlarining dasturi qutiga joylashtirilgan. Shu «miya» bergan buyruq bilan stanoklar, robotlar harakatga keladi.

Shtampovka stanogi yuqori bosimda ishlovchi shlanglarga metalldan tutqich yasaydi. Bu robot bir yo'la uch operatsiyani, stanok esa 2 operatsiyani bajaradi.

Toshkent «Texnolog» ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi robotlashtirishda ilmiy asoslangan loyiha va texnologiyani ishlab chiqarishga mo'ljallangan bo'lgan. «Texnolog» ishlab chiqarish birlashmasi 1978 yildan boshlab robotlashtirish bo'yicha shug'ullana boshlagan edi.

Ishlab chiqilgan texnologiya bo'yicha «Tashselmash», «O'zbekselmash», «Chirchikselmash», toshkent traktor zavodlarida robotlashtirilgan liniyalar loyihasi bunyod etilgan edi. Sanoat robotlari ishlashi uchun ko'p yordamchi mexanizmlar kerak bo'ladi. Loyiha ishlari tugagandan so'ng tajriba uchastkasida loyiha asosida yordamchi mexanizmlar ishlab chiqariladi. Sexda malakali mutaxassislar ishlaydilar. Boshqa shaharlardan olib kelingan robotlar shu tsexda yig'iladi. Loyiha bo'yicha hamma detal va yordamchi mexanizmlar shu tajriba tsexida robotlashgan texnologik majmuani o'rnatib, sinab ko'riladi. Sinovdan o'tgandan so'ng sanoat korxonalariga olib borib o'rnatiladi.

Samarqand muzxona zavodida ishlab turgan robotlar ro'zg'or muzxonalarning po'lat qutilarini emal bilan bo'yab, turishga mo'ljallangan edi.

Muzxona modellari o'zgarganida robotlar shunga moslanib o'z ishini davom ettiraveradi. Ular har kuni 480 qutini bo'yashadi.

Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida robotlar brigadasining ishi kishining havasini keltiradi. Transportyorda kelayotgan alyuminiy taxtani qutining uzun qo'li chaqqon ushlab oladi va press tagiga qo'yadi. Press zarbi bilan yasalgan detalni boyagi qo'l yonida turgan ikkinchi robot oldidagi quti ustiga qo'yadi. Ikkinchi robot quti ustidagi detalni ko'rishi bilan uni olib, ikkinchi press ostiga qo'yadi va tayyor bo'lgan detalni ikkinchi transportyor ustiga qo'yadi. Tayyor detal tozalanib bo'yaladi.

Robot detalni sekundning aniq kerakli ulushida ushlaydi. U detalni press ostiga millimetrning bir necha ulushiga qadar aniqlikda kiritib qo'yadi, bekor turmaydi, barmoqlarni ezib olmaydi, zotan, unda barmoqning o'zi ham yo'q. Lekin robot bir narsa bilan – past texnologik madaniyat bilan hech bir murosa qilolmaydi. Masalan, to'qmoq urib to'g'rilangan detalni pressga qo'ymaydi. Robotlarni harakatga keltiruvchi mikroprotsessorlarda eng usta bo'yoqchi yoki mashhur presschining xatti-harakatlari dastur tarzida yozib qo'yilgan.

Robotlar nega kerak?

Bir detalni sakkiz soat mobaynida press ostiga qo'yib turish, pishgan g'isht ortilgan vagonetkalarni pechdan chiqarishni ko'z oldimizga keltirsak, robotlarning foydasi ayon bo'ladi.

Qator korxonalarda robotlar faoliyat ko'rsatmoqda. Ular detallarni galvanik vannalarga tushirib, tegishli fursat ushlab turadilar, tayyor mahsulotni chiqarib oladilar. Robotlar omborlarning so'kchaklarini paypaslab, kerakli materialni topib tushiradilar, ularni qat'iy hisobga olib boradilar, nimaiki bo'lsa uni joy-joyiga qo'yib chiqadilar. Robotlar quduq parmalamoqda, tokarlik qilmoqda, pardozlash ishlarini bajarmoqda, mayda kristallarni xillamoqda, g'isht pishirmoqda, detallarni yig'ish operatsiyasini bajarmoqda, xatlarni saralamoqda. Bularning hammasi «xamir uchidan patir», xolos.

Robotlar faqat bitta texnologiyani – a'lo darajadagi texnologiyani tan olishini qayd qilib o'tish kerak. Robotlarning ayni shu xususiyati ularning keng ko'lamda joriy etilishiga xalaqit bermoqda. «Texnolog» birlashmasida 27 agregat stanogi va 6 ta robot bilan jihozlangan liniya ishga tushirilgan edi. Robotlashtirilgan majmua transmissiya tsexida murakkb korpus detallariga ishlov berishga mo'ljallangan edi. Biroq bundan oldingi texnologik jarayonlarda talabga javob beradigan madaniyat bo'lmaganidan robotlashtirilgan majmua ishlab chiqarish jarayoniga to'la-to'kis qo'shilib ketishi qiyin bo'ldi, ya'ni surunkasiga ishlay olmadi.

Yaponiya fan va texnikasi jurnali xabar berishicha, bir institut olimlari bo'lg'usi shifokorlarni o'qitishga mo'ljallangan trenajyor-robot konstruktsiyasini ishlab chiqishgan. Bu robotning kompyuteriga sog'lom va turli kasalliklarga chalingan kishining nafas olishi, yurak urishi va qon bosimi qanday bo'lishi haqida ma'lumot joylashtirilgan. Robot, shuningdek, yuz mushaklarini organizmdagi turli holatlarga mos ravishda qisqarishini ham ko'rsata oladi. Bunday «domla» yordamida talabalar «nafas olish» va «tomir urishi»ni bevosita eshitibgina qolmay, balki kasallik va jarohatlarni davolash usullarini ham amalda o'rganishadi.

Yaponiyaning «Dayto» firmasida yaratilgan «Do-re-mi» nomi bilan ataluvchi robot tunda bolani allalashni o'z zimmasiga olgan.

U bola yig'lay boshlashi bilan magnitafonli, avtomatlashgan liqillaydigan belanchakni o'z ichiga olgan. Lentaga yozib olingan ota-onaning ovozi ham bir vaqtda o'zida yangraydi. «Do-re-mi» belanchagi chaqaloqning yig'isini kattalarning tovushi bilan aslo qorishtirib yubormaydi, shu boisdan u zarurat bo'lmaganda jim turadi va uxlab yotgan bolani uyg'otib yubormaydi.

Olmoniya iqtisodiyotining ko'pgina tarmoqlarida hozirgi paytda sanoat avtomatlari va robotlari tobora keng ko'lamda joriy etilmoqda. Noyxauz shahri (Zul okrugi)dagi A.Zegers nomli mikroelektronika zavodida sanoat robotlari mikroelektron elementlarni yig'ish ishlarini bajarmoqda. Natijada mehnat unumdorligi korxonada qariyb uch baravar o'sdi. 25 montajchi korxonaning yangi uchastkalariga o'tkazildi. Grosbreytenbax shahridagi aloqa texnika zavodida elektromexanika relesini yig'ishda saralovchi avtomatdan foydalanish mehnat unumdorligini etti baravar oshirish imkonini berdi. Ayni vaqtda, bu erda mehnat sharoiti yanada yaxshilandi.

Ilminau shahridagi oliy texnika maktabi mutaxassislarining Zul okrugi korxonalari bilan yaqindan hamkorlik qilishi natijasida har ikkala texnika yangiligi loyihalashtirildi va ishlab chiqarishga joriy etildi.

Olimlar va korxona xodimlari oliy o'quv yurtlari bilan okrugdagi 12 ta kombinat o'rtasida tuzilgan uzoq muddatli shartnomalar asosida fan va texnikaning so'nggi yutuqlaridan ishlab chiqarishda foydalanishga oid ishlar olib bormoqdalar.

Robot charchash nimaligini bilmaydi va parmalashni hamisha har qanday kon-geologiya sharoitlarida ham eng maqbul rejimda olib boradi. Masalan, parma quduq qaziyotib, loy qatlamiga duch kelsa va unga loy tiqilib qolaversa, datchiklar shu haqda darrov qurilmaning elektron miyasiga xabar beradi va shu yoqdan mexanizm uchun komanda keladi. Bu komanda iskanani ko'tarib, dam bilan loyini tushiradi va parmalash belgilangan rejimda davom etaveradi.

Foydali qazilmalarni ochiq usulda qazishni jadal rivojlantirish konchilik sanoatidagi fan-texnika taraqqiyotining muhim yo'nalishlaridan biridir. U shaxtadagilarga nisbatan ko'proq ish unumiga erishishga imkon beradi. Bunda qazib olinadigan mahsulotning tannarxi ancha arzonga tushadi.

Yaqin-yaqinlargacha mashinistlarning mehnati eng qiyin ishlardan hisoblanardi: butun smena davomida ularga shovqin va dirillash ta'sir etib turardi. Parma stanoklarini avtomat tarzda boshqaradigan «Gorizont» elektron tizimi ishlab chiqildi. Stanok turli geologik sharoitlariga o'zi moslashib parmalash tezligini sozlab borganligidan ish unumi 15 foizgacha ko'tariladi. Undan foydalanish orqali bir gruppa stanoklarni birgina operator ishlatishi uchun imkoniyat yaratiladi.

Aqlli mashinalar – robotlar yaqinginada hayolot bo'lib tuyulgan bo'lsa, hozirgi kunda hayotimizning hamma sohasida o'z o'rnini topmoqda. Robotlar kishilarni charchatadigan og'ir ishlarda, mexanik yordamga muhtoj bo'lgan joylarda ishlatilmoqda. Shuni alohida ta'kidlab o'tish kerakki, hozirgi zamon robotlari ko'p ishlarni insondan yaxshiroq va aniqroq bajarmoqda.

Robotlar bilan bemalol muomalada bo'lish uchun ulardan foydalanishga tayyorgarlik ko'rish kerak, ya'ni ushbu aqlli mashinalar ishlash printsipi bilan yaqindan tanishish, uning tuzilishini o'rganish kerak. Boshqacha bo'lishi ham mumkin emas, chunki robotsozlik o'zida juda ko'p aql bovar qilmaydigan imkoniyatlarni ruyobga chiqarmoqda.

Robotlar qanday tuzilgan? Qanday ishlaydi? Haqiqatdan ham, ular inson o'rnini bosa oladimi? Robot loyihasini tuzish va tayyorlash osonmi? Shu va shunga o'xshash qator savollar fan-texnikaga mehr qo'ygan hamma muxlislarni qiziqtiradi.

Robotsozlik juda jiddiy ilmiy-tashkiliy baza asosida taraqqiy etib bormoqda. Robotlar – yangi va murakkab texnikadir.

Hozir sanoatda qo'llanilayotgan robotlar asosan tashqi muhit ta'sirini sezmaydi, oldindan tuzib qo'yilgan dastur asosida ishlaydi. Kelajakda robotlar korxonalarga kirib borar ekan, mavjud ishlab chiqarish jarayonlarini, ayniqsa kam seriyali ishlab ishlab chiqarish jarayonini avtomatlashtirib, qator ijtimoiy muammolarni hal etadi. Ayrim texnologik operatsiyalarda robotni qo'llab o'z navbatida robotlashgan texnologik uchastkalarga o'tish va ular asosida kompleks avtomatlashtirilgan tsex va nihoyat zavodlarga o'tish mumkin. Bu esa, o'z navbatida, hozirgi zamon ishlab chiqarish asoslarini keskin o'zgartirishga olib keladi. Robototexnikaning o'zi kompleks avtomatlashtirish kerakligidan kelib chiqqan. Robot esa, haqiqatan ham, aqlli mashina.

Insonga o'xshash sun'iy mavjudotlarni bunyod etish odamlarni qadimdan qiziqtirib kelgan. Ular insonga o'xshash avtomatlarni qurishga bir necha bor urinib ko'rganlar.

1774 yil bahorida shveytsariyalik soatsoz Per Dro va uning o'g'li Anri mexanik nusha ko'chiruvchi kotib tayyorlab o'z hamshaharlarini hayratga solgan edilar. Kotib juda jiddiy ko'rinishda g'oz patini olardida siyohdonga botirib chiroyli qilib to'liq bir gapni yozar edi. Buning ustiga u yozilgan gapga qarab o'ylanib boshini qimirlatib ham qo'yar, o'zining vazifasini bajargach, yozilgan qog'oz ustiga qum sepib, so'ng to'kib tashlardi.

Kuchli iste'dod egalari kotibdan tashqari tabiiy ko'rinishda anchagina murakkab bo'lgan ko'rinishlarni chiza oladigan mexanik rassom, murakkab muzikalarni ijro eta oladigan muzikantlarni ixtiro etganlar. Biroq dastlabki robotlarni bunyod etishgan ixtirochilarni din ahllari doim ta'qib etganlar. Anri Droning umri deyarli qamoqda o'tgan. Faqat 1906 yildagina ota-bola bunyod etgan yangiliklar tartibga keltirilib Shvetsiya muzeyiga qo'yilgan va shu kungacha saqlanadi.

1810 yilda nemis mexanigi Iogann Kayfman trubada bir necha murakkab pesalarni ustalik bilan ijro eta oladigan mexanik avtomat yasagan. Ushbu avtomat Myunxen texnika muzeyida saqlanmoqda.

Shu bilan mexaniklarning bunyod etgan yangiliklariga chek qo'yildi. Faqatgina XX asrdagi fizika, elektronika va elektrotexnika sohasidagi yirik muvaffaqiyatlargina insonga o'xshash avtomatlar konstruktsiyasini bunyod etish bilan shug'ullanish imkonini berdi. Robotlar borgan sari takomillashib bordi. Robotlarda ko'rish organlari – fotoelementlar, eshitish organlari – mikrofonlar, nutq - gapirtirgichlar paydo bo'ldi.

Odamsimon robotlar hozircha insonga kundalik hojatini chiqarishda qo'l kelmasa ham keyinchalik ushbu robotlar konstruktsiyasi murakkablashib, hayotga yaqinroq bo'lib borishi muqarrar.

Ertangi kun robotlari xususiyatlaridan biri ularning xotiralarida inson tomonidan mujassamlashtirilgan yoki sun'iy intellekt tomonidan bunyod etilgan tashqi muxit modeli bo'lishi kerak. Bu esa o'z navbatida robotni bikir dastur asosida emas, balki epchil dastur asosida ham ishlash imkonini beradi.

Birinchi avlod robotlari inson topshirig'ini alohida tug'dirilgan sharoitdagina bajara olishi mumkin. Ikkinchi avlod robotlari «his, tuyg'u» texnikaviy organlari va takomillashtirilgan «miya» bilan jihozlangan. Ikkinchi avlod robotlari jahonning ilg'or mamlakatlarida chiqarilib sanoatda qo'llanib kelmoqda.

Hozir robotlarning uchinchi avlodi, ya'ni «intellektual», «aqlli» robotlar ishlab chiqish ustida ish olib borilmoqda. Ushbu robotlar o'zgaruvchan muhitda inson ishtirokisiz informatsiyalarni qayta ishlash va qaror qabul qilish xossalariga ega. Hozircha «aqlli» robotlar matematik va laboratoriya modellari ko'rinishida mavjud.

Birinchi robot o'yinchoqdan hozirgi zamon birinchi, ikkinchi, uchinchi avlod robotlari bunyod etilgunga qadar ikki yuz yildan ko'proq vaqt o'tdi. XVIII asrda bunyod etilgan birinchi avlodga taalluqli robotlar iste'dodli ustalarning san'at asarlari bo'lib, hozirgi kungacha mexaniklarning buyuk asarlari bo'lib qolmoqda. Ushbu yangiliklarning hammasi odamga tashqi xatti-harakati bilan o'xshash edi, xolos. XIX asrdayoq, insonga tashqi xatti-harakati bilan o'xshash bo'lmagan avtomatlar odamlarning murakkab ishlarini ado etib ularni turli xil operatsiyalarni bajarishdan xalos etdi. Keyinchalik avtomat stanok ko'rinishidagi tsikllik avtomatlar paydo bo'la boshladi.

Hozirgi kunda turli xil avtomat stanoklar mavjud. Bularga tokarlik, frezerlik, nusxa olish, silliqlash, tish qirqish, gayka, bolt qirqish, payvandlash, oyoq kiyim tikadigan va shunga o'xshash avtomatlar kiradi.

Ishlab chiqarishning avtomat ishlatilmaydigan birorta sohasini topish qiyin. Har bir stanok inson ishtirokisiz ma'lum bir buyumni tayyorlashga mo'ljallangan, odam ishtirokisiz murakkab operatsiyalarni bajaradi. Avtomatlar murakkab harakatlarni ma'lum bir tartibda «eslab» qolish va ushbu harakatlarni ko'p marta takrorlash xususiyatiga ega.

Avtomatdagi harakatlar ketma-ketligini «saqlab qolish» jarayoni kulachok va shablonlar yordamida amalga oshiriladi. Avtomat yordamida ijro etiluvchi har bir kichik operatsiya belgilangan vaqtda va hamma vaqt bir xil tarzda bajariladi. Shunday printsipda ishlovchi avtomatlar juda keng tarqalgan. Bunday avtomatlar o'zlarini odamlar bilan o'xshashlik xususiyatlarini to'liq yo'qotib yuborganlar va shuning uchun ular tuzilishi bo'yicha robot bo'lsalar ham, hech kim robot deb atamaydi.

Misol sifatida juda ko'p avtomat stanoklarni keltirib o'tish mumkin. Biroq mavjud avtomat stanoklar ishchi kuchini kamaytirish yoki ishchi o'rnini egallashdek hozirgi zamon ishlab chiqarishiga qo'yilayotgan talabni qondirish qobiliyatiga ega emas. Avtomat stanoklar ishlab chiqarishda katta maydon egallab, mehnat unumdorligi o'sish darajasini to'liq ta'minlay olmaydi. Shuning uchun avtomatik ishlovchi liniyalar bunyod etildi.

Hozirgi kunda kishilarning diqqat-e'tibori avtomatlashtirish muammolariga qaratilgan. Avtomatlashtirishning umumiy maqsadi nimadan iborat? Avtomatika insoniyatga nimalar berishi mumkin?

Avtomatlashtirishning dastlabki va asosiy natijasi mehnat unumdorligi o'sishiga bog'liq. Mehnat unumdorligini oshirish uchun ishlab chiqarishni keng ko'lamda mexanizatsiyalashtirish va avtomatlashtirish kerak. Ilgarilari mashinalar kamligi sababli ko'p ishlar qo'l mehnatiga bog'liq edi. Mashinalarni ishlab chiqarish uchun turli mashina va mexanizmlar talab qilinardi. Shu maqsadda metall kesish stanogi yaratildi.

Qo'l va oyoq yordamida harakatga keltiriladigan qadimgi tokarlik stanogi bundan bir necha asr muqaddam paydo bo'lgan. Bu stanoklarda keskin mahkamlab qo'yiladigan moslama bo'lgan emas. Bunday stanoklarda metallni emas, balki yog'ochlarni ishlash mumkin bo'lgan, xolos. Lekin fan-texnika taraqqiyoti natijasida elektr energiyasi bilan ishlovchi dvigatellar vujudga keldi. Bu o'z navbatida qo'l va oyoq yordamida boshqariluvchi stanoklarni avtomatik boshqariluvchi stanoklar bilan almashtirilishga olib keldi.

Metall ishlash sanoatida hozirgacha juda ko'p ishchilar g'oyat turli-tuman stanoklarni qo'l bilan boshqarmoqdalar. Ularning mehnati ancha og'ir bo'lishidan tashqari, har kuni bir xildagi kishini toliqtiradigan operatsiyalarni bajarishiga to'g'ri keladi.

Stanokchi ishchilar mehnatini bunday ishdan ozod qilish mumkinmi? Ha, mumkin. Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish xuddi ana shu masalani hal etishda asosiy omil hisoblanadi.

Avtomat liniyalar ishchilarni og'ir jismoniy ishdan ozod qiladi. Chunki qator muxsus stanoklardan iborat bu liniyalarda detallarni ishlash odam ishtirokisiz to'la avtomatik ravishda amalga oshiriladi.

Hayot uchun moddiy va madaniy boyliklar kerak. Boyliklar manbai esa tabiat xom ashyosi va inson mehnatidan iboratdir. Tabiat inson ixtiyoriga tayyor ne'matlarni juda kamdan-kam in'om etgan. Shuning uchun ham inson hamma vaqt extiyojini qondirish uchun tabiat xom ashyolarini qayta ishlaydi, ya'ni mehnat qiladi.

Avtomat liniyalar bunyod etilishi bilan ishchilar soni kamaya borib, shu kasbdagi ishchilar o'rnida tsexlarda avtomatlashtirilgan stanok hamda liniyalarni sozlovchi va operatorlar xizmat qiladi.

Masalan, turbina parraklarini ishlash uchun kerak bo'lgan murakkab kopirni tayyorlashga universal stanokda uch hafta vaqt talab qilinsa, dastur asosida boshqariladigan frezer stanogida atigi to'rt soat vaqt sarf qilinadi. Kema eshkak vintini oddiy vosita bo'yicha tayyorlash uchun 200-300 soat vaqt talab qilinsa, dastur asosida boshqariladigan stanokda bu ishni juda katta aniqlikda 5-10 marta tez bajarish mumkin. Dastur asosida boshqariladigan bunday misollarning soni ham uzluksiz ko'paya boradi.

Metallarga ishlov berish jarayonidagi texnologik vazifalar cheksiz va turli-tumandir. Shunga ko'ra, bu jarayonlarni avtomatlashtirish usul va vositalari ham shunchalik xilma-xil. Bir-birini munosib ravishda to'ldiruvchi nusxa ko'chirish va dastur asosida avtomatlashtirish usullari ham o'z o'rniga ega.

Dastur asosida boshqariladigan tizim bilan jihozlangan stanoklarning muhim xususiyati shundaki, bunday stanoklarning ish dasturi ixtisoslashtirilgan ish unumi va ish aniqligini universal uskunaning moslanishiga qo'shish mumkin bo'ladi.

Texnika taraqqiyoti va ish unumdorligiga talabning kuchayib borishi yangi vazifalarni qo'ya boshladi. Jumladan, mashinasozlarimiz oldida kopir ishlamaslikning iloji bormikan, degan muammo turardi.

Mahsulotning nihoyatda aniq namunasini tayyorlashdan ko'ra qog'oz lentaga (uning o'lchami va shakliga uncha e'tibor bermagan holda) ma'lum tartibda qator teshishning birmuncha engil ekanligi turgan gap. Bu usulning soddaligi shundaki, perfolenta hech qachon ishlanayotgan mahsulotning namunasi bo'la olmaydi.

Metall qirqish stanogini avtomatlashtirish uchun perfolenta orqali beriladigan dasturdan foydalansa bo'ladimi?

Stanokni qo'lda boshqaradigan yuqori malakali ishchining ishini kuzatish orqali stanokning ish dasturini chizmalarga va sonlarga murojaat qilmasdan ham mahsulot tayyorlash mumkin. Bunda nutq yo muzikani plastinka yoki magnit lentasiga yozib olish, uni xohlagancha takror eshittirish mumkinligiga o'xshash usul yordamida ishchining barcha harakatlarini esda saqlab qolish va shu yo'l bilan hosil qilingan dasturdan butun bir gruppa mahsulotlarni ishlashda stanokni avtomatik boshqarish uchun foydalanish kerak. Bunday tizimlarda dasturni magnit lentasiga yoki magnit barabaniga yozib olish usuli uni registratsiya qilish va qayta takrorlashda qulay hisoblanadi, ya'ni perfolentali dastur ham o'z kuchini yo'qota boshladi.

Magnitli yozish usuli o'zining bir qator xususiyatlari bilan dasturni boshqacha yozib olish usullaridan farq qilib, u juda tejamli hisoblanadi.

Nihoyat, magnit qatlamini osonlik bilan magnitsizlantirib, bitta lentadan turli xil dasturni yozishda foydalanish mumkin. Kelajakda faqat avtomat stanoklar emas, balki avtomat tsex va zavodlar vujudga keladi. Ana shunday yuksak perspektivaning muhim omili biz yuqorida eslatib o'tgan dastur asosida ishlovchi stanoklar bo'ladi. Shuning uchun dastur asosida ishlovchi stanoklarni ishlab chiqarishga juda katta e'tibor berilmoqda.

Bundan 50 yil, hatto 25 yil keyin qanday mashinalar yaratilishini oldindan aytish qiyin. Chunki hozirgi zamon texnika taraqqiyotining tezligi shu qadar yuqoriki, u kun sayin emas, balki soat sayin o'sib bormoqda. Bundan 90 yilcha ilgari odamlar havoda og'ir apparatlar uchishini orzu qilgan edilar. 60 yilcha muqaddam yadro ichki energiyasidan foydalanish ham olis perspektivalardan biri deb qaralgan, 70 yilcha oldin sun'iy jismning oyga tushirilishi afsonadek tuyular edi. Hozir esa olimlar, injenerlar oldida yangi, nihoyatda murakkab masalalar turibdi. Texnikaning barcha sohalarida va jumladan, mashinasozlikda, pochta xizmatida ham shunday murakkab masalalar mavjud.  

Shunday qilib, raqamlar yordamida boshqarish sohalari kengayib bormoqda. Bu usulda metall ishlashning turli-tuman jarayoni, nazorat qilish operatsiyasi va yordamchi operatsiyalar raqamlar bilan ifodalanadi. Raqamli informatsiya qanchalik turli-tuman bo'lmasin, bir xildagi standart shaklida, shuningdek ma'lum stanok, asbob, moslama, qurilmani boshqarishdagina ishlatilishi mumkin.

Raqamlar yordamida avtomatlashtirish yaqin kelajakda mashinasozlikning yangidan-yangi sohalariga kirib boradi, avtomatlar informatsiyasi esa borgan sari o'zgarib, har xil bo'la boradi. Ayni vaqtda, bunday avtomatlar to'xtovsiz takomillashib, tobora kattaroq hajmdagi informatsiyalarni ishlay oladigan bo'ladi; shunga mos ravishda yangi sxema, uzel va qurilmalar yaratiladi. Boshqarish koordinatlari ko'p bo'lgan stanoklar hamda birinchi avtomatik liniyalar, ya'ni raqamli boshqarish stanoklar majmuasi bunga misol bo'la oladi.

Hisoblash mashinasi stanokning ish dasturiga oid hisobni kerakli aniqlikda chiqarib berishi mumkin. Bu aniqlik hisob olib boriladigan raqam soni bilan chegaralanadi. Aniqlikni oshirish uchun birmuncha quvvatliroq mashina ishlatish va razryadlar sonini oshirish lozim qurilmasi katta yoki kichik razryadlar bilan ish ko'rishning hisoblash mashinalari uchun farqi yo'q.

Texnologik avtomatda esa ahvol keskin o'zgaradi, chunki bunda informatsiyani ishlab berilgan mahsulot sifatiga kuch ishlatib realizatsiya qilishga to'g'ri keladi. Dasturning ishlatish aniqligi turli stanoklar uchun turlicha, jumladan, bu aniqlik verguldan keyingi ikkinchi va uchinchi raqamlar o'rtasida bo'ladi. Agar stanok olayotgan informatsiyaga berilgan son ko'p bo'lsa, mazkur informatsiya stanok uchun hech qanday ma'noga ega bo'lmagan ovozdek bo'lib qoladi.

Bu erda qanday qarama-qarshilik hosil bo'lishini ko'rish mumkin. Biz dasturni nihoyatda yuqori aniqlikda o'qiy olamiz; mavjud optik, induktiv va boshqa o'lchov qurilmalari o'lchash ishlarini yuqori aniqlikda bajarishga imkon beradi. Koordinat yo'nish stanoklarida shu ikki xususiyatdan foydalaniladi. Bunday stanoklar fizikaviy aniqlik chegarasida ishlaydi. Masalan, frezer stanogining aniqligi hamma talablarga javob bera olmaydi. Boshqarish tizimidagi nomuvofiqlik tufayli sodir bo'luvchi dinamik nuqsonlar, shuningdek tizimdagi kuch va harorat deformatsiyalari hamda asboblarning eyilishi aniqlikning birmuncha kamayishiga sabab bo'ladi.

Bu hatto tasodifiy emas, balki muayyan qonunga muvofiq muntazam ravishda sodir bo'lib turadigan va bir turdagi bir qancha mahsulotlarga ishlov berishda qaytariladigan yoki ma'lum tartib bilan o'zgarib turadigan xatodir. Demak, stanok ayrim uzel detallarining tayyorlash aniqligini oshirmagan holda ham bunday xatodan qutulsa bo'ladi.

Avtomatik liniya ayrim stanoklarni bog'lovchi transportyor keskich ishlov berilayotgan zagotovkadan to'liq chiqqunga qadar xarakatga kela boshladi deb faraz qilaylik. Bunda, albatga, keskich sinadi va keskichni almashtirish uchun avtomatik liniya to'xtatiladi. Bu sodir bo'lmasligi uchun amalda avtomatik liniyaning bosh pulti elektrik aloqaning har bir pozitsiyasi bilan bog'lanadi. Hamma pozitsiyalardan «operatsiya tugadi, kesish asbobi birinchi xolatga to'la o'tkazildi» signali olingach, transport xarakatlana boshlashi mumkin. Agar keskich zagotovka zinalarining birida to'xtab qolgan bo'lsa, avtomatik liniya to'xtatiladi, sozlovchilar o'z vazifalarini ado etadilar.

Tayyorlanayotgan buyum yuqori sifatli chiqishi uchun har bir operatsiya bajarilishi ustidan nazorat o'rnatiladi. Hozirgi zamon avtomatik liniyalari ko'p miqdordagi stanoklardan (20 — 30 dona),  yuzlab elektromotordan, minglab rele va shu kabilardan tashkil topgan. Agar bir minutda bitta motor yoki rele ishdan chiqib qolsa, stanoklardan biri albatta ishdan chiqadi.

Buning oldini olish uchun avtomatik liniya stanoklarini boshqarish maqsadida kontaktsiz apparatura va maxsus priborlar keng qo'llaniladi. Ma'lumki, stanokning biri tez, biri sekin ishlaydi. Bu esa asosan stanoklarning tezligi va bajariladigan operatsiyaning murakkabligiga bog'liq. Agar avtomatik liniya ishi darajasini eng uzun operatsiya bo'yicha xisoblasak, u xolda qisqa operatsiyali stanoklar bo'sh turib qolishiga to'g'ri keladi. Shuning uchun mexanik ishlov berishga ko'p vaqt talab etadigan operatsiyalar uchun bir turdagi ko'p stanoklar o'rnatiladi.

Sifatning ishonchli nazoratchilari.

Avtomat stanoklar va avtomatik liniyalar shunday katta tezlik bilan ishlaydilarki, bir detal ketidan ikkinchi detal otilib chiqib kelaveradi. Ushbu detallar sifatini tekshirishga ularni tayyorlashga nisbatan bir necha bor ko'p vaqt sarf bo'ladi. Bitta avtomat stanok yoki avtomatik liniya ishlab chiqaradigan maxsulot sifatini bir necha o'n odam nazorat etadi. Masalan, mahkamlash detallarini ishlab chiqaruvchi avtomat stanok bir boltni tayyorlash uchun 1—2 sekund sarf etadi, uning sifatini tekshirishga esa 30 sekund, avtomobil ruli karteriga ishlov berish uchun 2,5 minut vaqt sarflansa, uning sifatini tekshirish uchun 3,5 minut vaqt sarflanadi. Rezbali detallar sifatini tekshirishga ularni tayyorlashga nisbatan 50—100 marta ko'p vaqt talab etiladi.

Nazorat operatsiyalari texnologiyasi darajasining pastligi orqali ayrim korxonalarda nazoratchilar apparati xaddan tashqari ko'payib ketgan. Hozir ham juda ko'p mashinasozlik va priborsozlik zavodlarida texnik nazorat bo'limi xodimlari hamma ishlab chiqarish xodimlarining 30-40 foizini tashkil etadi.

Korxonalarda katta nazoratchilar armiyasi mavjudligiga qaramay, ishlab chiqariladigan maxsulot sifati xali etarli darajada talabga javob bermayapti.

Faqat mashinasozlikdagi brak keltirayotgan ziyon mamlakat bo'yicha  millionlab so'mni tashkil etadi.

Past sifatli, brak maxsulot ishlab chiqarish sababchilari ko'pincha xodimlarning yo'l qo'ygan xatolaridir.

Agar avtomatik qurilmalar ishlab chiqarish jarayonini nazorat etsalar va ularni boshqarsalar brak bo'lmaydi.

Shuning uchun kompleks avtomatlashtirish masalasining muvaffaqiyatli xal etilishi ko'pincha metall, yarim fabrikat, detal, xatlar va boshqa buyumlarni ishlab chiqarishdagi hamda saralashdagi to'xtovsiz nazorat etishni tashkil etilishiga bog'liq.

Kundan —kunga mashina, pribor va boshqa buyumlar aniqligiga talab oshib borishi bilan maxsulot sifatini nazorat etish muammosini avtomatlashtirish muhim o'rin tutib bormoqda. Ayrim xollarda avtomatika vositalarisiz umuman buyumni ob'ektiv nazorat etish mumkin bo'lmay qoladi.

Hozircha ko'p korxonalarda buyumlar sifati unga ishlov berib bo'linganidan so'ng nazorat etiladi. Bu esa yuqori sifatli maxsulot ishlab chiqarish tezligini kamaytiradi, tannarxini oshiradi, mehnat unumdorligini kamaytiradi.

Kompleks avtomatlashtirish masalasini xal etishda asosiy e'tibor maxsulotni nazorat etuvchi avtomatik vositalarni bunyod etish va joriy etishga qaratiladi. Bunday aktiv avtomatik vositalar buyum parametrlari sifatini ularni tayyorlash jarayonida bevosita nazorat eta oladi. Ayrim mashinasozlik korxonalarida elektron mikrometrlar muvaffaqiyat bilan qo'llanilmoqda. Bunday mikrometrlar diametri 2 mm dan 200 mm gacha bo'lgan detallarni stanokni to'xtatmay o'lchash imkonini beradi.

Hozir konstruktorlarimiz yangi bunyod etilayotgan — stanoklarda mexanik ishlov berish texnologik jarayoni davomida sifatni nazorat etishni ta'minlay oladigan qurilmalar bilan jihozlashni oldilariga maqsad qilib olganlar.

Aktiv avtomatik nazoratda maxsus televizorli qurilmalar aloxida o'rin tutadi. Masalan, oddiy ko'z bilan ko'rish murakkab bo'lgan diametri 8 mikronli simni unga yaqinlashmay qanday o'lchash mumkin. Bugungi kunda ushbu masala mikroskop va televizion qurilma yordamida amalga oshiriladi. Mikroskopga o'rnatilgan uncha katta bo'lmagan telekamera mikroskopdan televizion trubkaga sim diametri tasvirini uzatadi.

Shu tariqa taqqoslash yo'li bilan sim diametri o'lchanadi. Mikrosimlarni tayyorlash jarayonida o'lchash uchun televizion avtomatlar qo'llaniladi. Ushbu avtomatlar quyidagicha ishlaydi. Mikroskop ob'ektiviga ko'z o'rniga teleuzatgich fotokatodi qaraydi. Simning kattalashtirilgan tasviri fotokatodga tushadi, keyin ma'lum qurilma sistemasidan o'tib impulslar farqini qayd etuvchi priborga tushiladigan signal vujudga keladi. Impulslar farqini qayd etuvchi pribor brak bor — yo'qligini aytib beradi.

Bunday televizion avtomatni katta ishonch bilan bemalol <quruvchi> avtomat deb atash mumkin. Televizion avtomatlar inson ko'ziga qaraganda ancha katta aniqlik va ishonch bilan ishlaydi.

Metallurgiya korxonalaridagi lentaprokat stanoklariga o'rnatilgan televizion avtomatlar lenta enidan standartga nisbatan bo'lgan kichkinagina og'ishni ham qayd qila oladi.

Aktiv avtomatik nazoratning asosiy afzalligi shundan iboratki, u buyumga ishlov berish vaqtidagi brak bo'lish ehtimolini yo'qotibgina qolmay, detalga ishlov berish uchun mo'ljallangan umumiy vaqtni ham qisqartiradi.

Nazorat etish operatsiyalarini avtomatlashtirish mashinasozlik va priborsozlik korxonalarida ishlab — chiqariluvchi mahsulotlar sifatini oshirish muammosini to'liq xal eta olmaydi. Yana shunday qurilmalar kerakki, ular faqat maxsulotni ishlab chiqarish jarayonidagina emas, balki bir butun mashina va agregatlar sifatini ham tekshirish imkoniga ega bo'lishlari kerak.

Nazorat operatsiyalari avtomatlashtirilgach, tabiiy, yig'ish ishlarini avtomatlashtirish masalasi taqozo etiladi. Boshqacha aytganda, bir ishlab chiqarish jarayonini avtomatlashtirish o'z navbatida boshqa ishlab chiqarish jarayonini avtomatlashtirishni keltirib chiqaradi. Avtomatlashtirishning ushbu yuqori va maqsadga muvofiq shakli bizning mamlakatimizda avtomatik tsexlar va avtomat zavodlar tashkil etish yo'li bilan amalga oshirilishi taqozo etilmoqda.

Mamlakatimizda avtomatlashtirishning o'sishi katta tezlik bilan amalga oshirilmoqda. Zamonaviy avtomatik mashinalar kishi ishtirokisiz butun bir kompleks operatsiyani, xatto murakkab shaklli zagotovkaga ishlov berishni ham amalga oshira oladi. Avtomat stanok va avtomatik liniyalar joriy etilishi mashinasozlik ishlab chiqarish jarayonini avtomatlashtirish bilan bog'liq bo'lgan bir qism masalanigina xal etadi, xolos.

Har bir korxonada yordamchi ishchilar, ko'p sonli dispetcherlar, texnikaviy nazorat bo'limlari mavjud.

Kompleks avtomatlashtirishni amalga oshirish uchun faqat asosiy ishlab chiqarish jarayoninigina emas, balki hamma yordamchi jarayonlarni hamda ishlab chiqarishni boshqarishga oid jarayonlarni ham avtomatlashtirish kerak. Mana shu kompleks avtomatlashtirish taraqqiyotini tugallashning oxirgi bosqichi bo'lib, ayrim mashinadan mashina sistemasiga, tsexga va avtomat zavodga o'tish yo'lidir.

Avtomatlashtirishning erishgan darajasi hozirning o'zidayoq xoxlagan ishlab chiqarish jarayonini avtomatik tsiklga o'tkazish imkonini beradi.

Mashinasozlikdagi murakkab buyumlarni ishlab chiqarishni kompleks avtomatlashtirishga Moskvadagi birinchi davlat podshipnik zavodining kompleks avtomatlashtirilgan tsexini misol qilib ko'rsatish mumkin.

Keyingi yillarda mamlakatimizda o'nlab turli-xil avtomat tsexlar ishga tushirildi.

Zavod avtomatlar ishlab chiqarish texnologiyasining eng yuqori darajasiga asoslanadi. Bunday texnologiya xususiyati boshlang'ich maxsulot, xom ashyo va yarim fabrikatlardan to'liq foydalanish xisoblanadi.

Avtomatlashtirilgan korxona progressiv texnologiyasi

xususiyatlaridan            biri            ishlab            chiqarish          jarayoni to'xtovsizligidadir. Boshqacha so'z bilan aytganda, zavod avtomatdagi texnologik jarayon shunday bo'lishi kerakki, maxsulot va yarim fabrikatni olgan vaqtdan maxsulotni skladga topshirguncha buyum to'xtovsiz xarakatda bo'lib turishi kerak.

Kompleks avtomatlashtirilgan korxonalarni bunyod etishda faqatgina asosiy va yordamchi ishlab chiqarish jarayonlari bilangina bog'liq bo'lgan masalalarnigina emas, balki asbob — uskunalarni joylashtirish kabi masalalar ham ko'riladi. Bunday korxonalar odatda yorug', qulay joylashtirilgan ishlab chiqarish korpuslari, dam olish xonalari, ajoyib oshxonalar, bufetlar va shu kabilarga ega bo'ladi.

Zavod avtomatlarda asosiy ishlab chiqarish xodimlari yangi texnikani chuqur biluvchi ishchi va injenerlardan tashkil topgan bo'ladi.

Avtomatlashtirilgan mashinasozlik korxonalariga oid umumiy xususiyatlar asosan shundan iborat.

Mashinasozlik ishlab chiqarishi industriyaning eng murakkab soxalaridan biri. Shuning uchun ham kompleks avtomatlashtirilgan mashinasozlik korxonalarini bunyod etish ayniqsa qiyin.

Bunday korxonalarga pochtani qayta ishlash tashkilotlari ham kiradi.

Haqiqatdan ham, agar kimyo sanoati korxonalaridagi ishlab chiqarish jarayonini avtomatlashtirish uchun faqatgina qandaydir o'ntacha parametrni (bosim, harorat, kimyoviy tarkib va h. k.) rostlash talab etilsa, eng oddiy mashinalardan hisoblangan tikuv mashinasini tayyorlash jarayonini avtomatlashtirish avtomatik rostlashning millionlab parametrli masalasini xal etishni taqozo etadi. Ikkinchi tomondan bu qonuniydir, chunki shu tikuv mashinasini tayyorlash uchun yuzlab detallarga asbob —uskunalarni sozlash kerak va har bir detalni tayyorlash uchun 10 — 20 va undan ko'proq operatsiya mavjud. Har bir operatsiya davomida aniqlik, kesish rejimlari va boshqa parametrlarni rostlash kerak bo'ladi.

Hamma   qiyinchiliklarga   qaramay,   injener   va olimlarimiz tomonidan to'plangan katta tajriba mashinasozlik korxonalarini kompleks avtomatlashtirishdek xalq xo'jaligi uchun muhim bo'lgan masalani muvaffaqiyatli hal etish imkonini beradi.