ANNOTASIYA

Ushbu kitobda O'zbekistonda pochta xizmatini rivojlantirish yo'llari, soxaga oid texnologik jarayonlarni boshqarish, avtomatlashtirilgan axborot tizimlari hamda robototexnologik komplekslarning qo'llanilishi  berilgan.

Kitob pochta xizmatini avtomatlashtirish soxasidagi mutaxassislar, aspirantlar va talabalar uchun mo'ljallangan.

 

KIRISH

Pochta qadimdan samarali aloqa vositasi sanalgan. Hozirda ham pochta bo'limlari, ayniqsa, markazdan olis joylarda axoli uchun atrof-olam to'g'risida turli-tuman axborot oladigan o'ziga xos markaz bo'lib qolmoqda. Shu tufayli bo'lsa kerak, qishloqlarda pochtalonlarga aloxida hurmat bilan qarashadi. Axir, dilga yaqin kishilardan, do'stu yoronlardan eng yangi xush-xabarlarni, qolaversa, o'zlari sevib o'qiydigan gazeta-jurnallarni, nafaqa va ijtimoiy yordam pullarini ular etkazib berishadi. To'g'ri turmushimizga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal kirib kelmoqda. Xususan, elektron pochta va boshqa zamonaviy axborot almashinuvi vositalari paydo bo'lganiga qaramay, pochta aloqasi o'z ahamiyatini yo'qotgani yo'q. U bundan keyin ham ish faoliyatimiz va turmushimizda, davlat ishlarida alohida ahamiyat kasb etaveradi.

Bugungi kunda bu tizimda 189 pochta aloqa tarmog'i va uch mingdan ziyod aloqa bo'limlari mavjud bo'lib, unda o'n to'rt ming nafar kishi xizmat qilmoqda Shuning teng yarmini pochtalonlar tashkil etadi. 2003 yilda pochta xodimlari tomonidan tegishli manzillarga 11,3 million xat, obunachilarga 62,7 million nusxadagi gazeta-jurnal etkazib berildi. Pochta aloqa tarmog'i orqali 60,3 mingta posilka, 700 ming so'mlik pul jo'natmasi yuborildi. Shuningdek, xodimlar tomonidan gaz, elektr quvvati, kommunal xizmatidan foydalanganlik uchun aholidan 28 million so'mlik debitorlik qarzini yig'ishda kasbiy xizmat ko'rsatildi. Iqtisodiy  ko'rsatkichlar qoniqarli bo'lsa-da pota aloqa ishini zamon talablariga to'liq javob beradi, deya olmaymiz.

Shu o'rinda faoliyatga xalaqit bergan ayrim omillar mavjud. Masalan, 2001 yil 11 sentyabrda AQShda sodir bo'lgan fojiali voqeadan so'ng ma'lum bo'ldiki, eng xavfsiz sanalgan pochta aloqasidan ham terrorchilik maqsadida foydalanilgan. Shu sababli, bu borada ham tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqishga to'g'ri keldi.

So'nggi yillarda pochta jo'natmalari orqali zaharlovchi va kasallik tarqatuvchi moddalarning  tarqatilishiga oid voqealar yuz berganligi bois bir qator tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Ma'lumki, Amerika Qo'shma Shtatlarida 2001 yilda «Kuydirgi» viruslari bo'lgan moddalar ongli ravishda tarqatilib, ko'plab kishilarning o'limiga sabab bo'ldi. Shuning uchun qisqa vaqt ichida pochta korrespondentsiyalari, jo'natmalari, posilkalari, banderollari va hokazolarni qabul qilish, qayta ishlash, tashish hamda topshirish texnologiyasini sezilarli darajada o'zgartirildi. Pochta aloqasi qoidalari va boshqa me'yoriy hujjatlarga zarur o'zgartirish hamda qo'shimchalar kiritildi. Shuningdek, pochta aloqasi xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan 7 ta yangi me'yoriy hujjat ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.

         Bundan tashqari, nazoratchilar portlovchi va boshqa taqiqlangan buyumlar bo'lishi mumkin bo'lgan jo'natmalarni albatta tekshiruvdan o'tkazadilar.

Pochta bo'limlari xodimlari himoya vositalari (respirator, doka bog'ich, rezina qo'lqoplar) bilan ta'minlangan. Xorijda birinchi marta pochta orqali inson salomatligi uchun xavfli moddalar tarqatilgan  holatlar qayd etilganda, bevosita xatlarni saralash bilan shug'ullanuvchi  4 mingdan ortiq xodim qayta emlashdan o'tkazildi. Pochta jo'natiladigan ish joylariga uch  foizli xloramin eritmasi, yuvuvchi vositalari bilan ishlov berildi. Pochta yuboriladigan binolarga shubhali pochta jo'natmalarini alohida ajratib qo'yish uchun idishlar o'rnatildi.

            Yirik pochta aloqa tarmoqlarida ruxsatnoma va ichki ob'ekt tartibi ancha  kuchaytirildi. Pochta aloqalari korxonasi maxsus texnik  ko'rik vositalari- statsionar va qo'lda ishlatiladigan metal qidiruvchi qurilma, shuningdek, gaz va spektonalizatorlar, radioktiv hamda buyumlarni aniqlovchi qurilmalar bilan ta'minlandi. Mutaxassislar chet davlatlarga  masalan, Rossiya Federatsiyasiga tajriba o'rganish uchun borib kelishdi.

            2002 yil avgustida terrorizmga qarshi kurashda ko'maklashish dasturi doirasida AQSh davlat departamenti O'zbekiston hukumati bilan  hamkorlikda «Kimyoviy va biologik faol pochta jo'natmalariga oid noxush hodisalarni muvofiqlashtirish» mavzuida o'quv kursi tashkil qildi.  Uni AQSH davlat departamentining  terrorizm bilan kurashish masalalari bo'yicha mas'ul xodim D.Kaufman o'tkazdi.

            Seminar ishida ishtirok etgan O'zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo'mitasi, Sog'liqni saqlash  vazirligi vakillari ushbu tadbirning o'ta muhimligini ta'kidlab, uning tashkilotchilariga o'z minnatdorchiligini bildirishdi. Tomonlar kelgusida bu boradagi aloqalarni, yanada mustahkamlashga kelishib olishdi. Xususan, respublikamiz pochta xodimlarini AQShda o'qitish shular jumlasidandir.

            Biz Favqulodda vaziyatlar vazirligi, huquq-targ'ibot organlari, sog'liqni saqlash vazirligi bilan birga portlovchi  qurilmalar, bakterologik, radioaktiv, zaharlovchi va boshqa xavfli moddalar, buyumlar borligi shubhali deb hisoblangan pochta jo'natmalari aniqlangan hollarda hamkorlikda harakat qilish rejasi ishlab chiqilgan. Shuningdek, pochta kanallarida noqonuniy xatti-haraktlarni sodir etishga qarshi yo'naltirilgan choralar ham ishlab chiqilgan.   

Hukumatimizning yangi axborot-kommunikatsiya va kompyuter texnologiyasini joriy etish to'g'risidagi qaroriga muvofiq, AQSh Savdo va taraqqiyot agentligi bilan hamkorlikdagi loyixa doirasida korporativ pochta kompyuter tarmog'ini yaratishning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish tugallanmoqda. Buning uchun AQSh tomoni 431 ming dollar miqdorida grant ajratgan. Ushbu loyihani amalga oshirish orqali axoliga xizmat ko'rsatish sifatini yanada oshirishga muvaffaq bo'linadi. Shu bilan birga, axborot texnologiyalariga asoslangan zamonaviy xizmat turlari ko'payadi.

Hozirda barcha shahar va tumanlardagi pochta aloqalari tarmoqlari kompyuter bilan ta'minlangan. Pochta aloqasining mintaqaviy tashkilotlari hamda "O'zbekiston pochtasi" DAKning bosh idorasi o'rtasida barcha hujjatlar almashinuvi elektron pochta orqali amalga oshirilmokda.

So'ngi yillarda pochta xizmatiga oid texnologik jarayonlarni boshqarishga xorijiy mamlakatlarda muhim ahamiyat kashf etilmoqda. Exnologik jarayonlarni boshqarishda robotlashtirilgan komplekslar, epchil avtomatlashtirilgan tizimlarning qo'llanilishiga kata ahamiyat berilmoqda. Shu sababli jumladan Rossiyada umuman robotlar, manipulyatorlar, robotlashtirilgan kompleks va epchil avtomatlashtirilgan tizimlar haqida umumiy ma'lumotlarni talabalarga etkazib borish amalga oshirilib kelinayapti. Shuningdek o'quv rejasida ham yuqorida sanab o'tilgan kompleks va tizimlarning kelib chiqish tarixi va mohiyatini yorqinlashtirib borish mo'ljallangan. Shundan kelib chiqqan   xolda kompleks mexanizatsiyalash, epchil avtomatlashtirilgan tizimlar, robotlashtirilgan komplekslarning yig'ilish jarayoni va shu kabilar haqida ma'lumotlar berishga harakat qilindi.